Alisher Navoiy universitetida Saudiya elektron universitetining internet orqali arab tili dasturi qo‘llaniladi

Ushbu shartnomaga asosan o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari mazkur elektron universitetning “internet orqali arab tili o‘rganish” dasturidan foydalanishadi. 

Elektron universitetning xizmatlaridan foydanishni ko‘zda tutuvchi ushbu hamkorlik shartnomasini Saudiya elektron universiteti rektori doktor Laylak bint Ahmad as-Safadiy va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakili, Sharq tillari kafedrasi dosenti Murtazo Saydumarov imzoladilar.Internet orqali arab tili dasturi o‘zga tilda so‘zlashuvchilarning arab tilini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga mo‘ljallangan bo‘lib, arab tili o‘rganishni hech qanday zamon va geografik makonga bog‘lamagan holda tashkil qilish imkoniyatini yaratadi. U o‘qishni xohlagan ko‘p sonli talabalarni an’anaviy ta’lim to‘siqlarini bartaraf etgan, ta’lim xarajatlarini tejagan va safar tashvishlaridan ozod qilgan holda  cheklanmagan miqdorda qabul qila oladi.

Saudiya elektron universiteti 2011 yili bu mamlakatda ta’sis etilgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, u masofadan ta’lim olishni va uzluksiz ta’limni birinchi bo‘lib yo‘lga qo‘ygan. Universitet tarkibiga boshqaruv va moliya fakulteti, tibbiyot fanlari fakulteti, informasion texnologiyalar fakulteti, aniq fanlar va nazariy tadqiqotlar fakulteti kiradi. Universitet bakalavr, magistrlik va doktorlik darajalarini berish bilan birga uzluksiz ta’lim va butun umr davomida o‘qish bo‘yicha kurslar tashkil qiladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan