Onlayn ta’lim tizimi yangicha yondashuvlarga imkoniyat yaratdi

Ma’lumki, koronavirus pandemiyasi sababli yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida talabalarni o‘qitish uchun yangi usul, yangicha yondashuv yo‘lga qo‘yildi. 

Mazkur jarayon respublikamizdagi deyarli barcha oliy o‘quv yurtlari uchun katta tajriba bo‘ldi. Biz ilk marotaba masofaviy ta’lim dasturini sinab ko‘rdik. Natija esa yomon bo‘lmadi. 

Ochiq tan olish kerakki, onlayn o‘qitish borasida muammo va kamchiliklarimiz ko‘p bo‘ldi. Bizda eng asosiy omil – tajriba yetishmadi. Ammo talabalarimiz masofadan turib sifatli ta’lim olishlari uchun bor imkoniyatimizni ishga solib harakat qildik. Bilmaganimizni o‘rgandik. 

To‘g‘risini aytish kerak, onlayn ta’lim tizimiga nafaqat talabalarimiz, balki o‘zimiz ham hali to‘liq tayyor emas edik. Har ishning bir hikmati bor degandek, pandemiya sababli joriy etilgan masofaviy ta’lim tizimi biz uchun chin ma’noda katta tajriba maktabi bo‘ldi. 

Biz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanib borayotgan davrda yashayapmiz. Axir qachondir onlayn ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yishimiz zarur edi. Bu yangi usulni vaziyat taqozosi bilan yo‘lga qo‘ygan bo‘lsak-da, bizga yaxshi tajriba bo‘ldi. Yangi o‘quv yilini ham 2 sentabrdan rasman onlayn tarzda boshladik. 

Lekin avvalgi xato va kamchiliklarimiz bizga saboq bo‘ldi. Endi ularni bartaraf etishga harakat qilamiz. Yangi o‘quv yiliga barcha professor-o‘qituvchilarimiz bilan birgalikda puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Filialning ikkincha va uchinchi bosqich talabalari masofaviy ta’limni sifatli o‘zlashtirishi uchun filial rasmiy veb-saytida “moodle” tizimining yangilangan versiyasi ishga tushirildi. 

Yangi o‘quv yili oldidan talabalar o‘rtasida onlayn savolnoma o‘tkazildi. Unda bu borada avvalgi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va yangi o‘quv yilida filialda masofaviy ta’lim qanday tarzda amalga oshirilishi bo‘yicha har bir talabaning istak-xohishlari hamda takliflari o‘rganib chiqildi. 

Yana bir jihat, menimcha, masofaviy ta’lim berishda faqat “moodle” tizimidagi elektron darsliklar bilan cheklanib qolmasligimiz kerak.

“Zoom” onlayn platformasi orqali talabalar uchun ilmiy mavzularda vebinarlarni tashkil etish, joiz bo‘lsa darslarni “Skype” tizimi orqali o‘tkazishni ko‘zlayabmiz. Yangi o‘quv yilining dastlabki haftasidan vebinarlar tashkil etildi. Jonli muloqot baribir o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. 

Zamonaviy ta’lim berish uchun zamonaviy fikrlab, mana shunday zamonaviy yondashuv usulidan borishimiz kerak. 

Rivojlangan davlatlarda onlayn ta’lim usuli allaqachon urfga kirgan. Aslida ta’limning bu shakli har tomonlama qulay hisoblanadi va kam harajat talab etadi. 

Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Masofaviy ta’lim olish jarayonida talabalar faqatgina nazariy bilimlar bilan cheklanib, amaliy ko‘nikmalardan uzilib qolishi mumkin. 

Masalan, ushbu yo‘nalishda amaliyot muhim ahamiyat kasb etadi. Bo‘lajak veterinarlar albatta, nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlab borishlari zarur. 

Aytish joiz, ular uy sharoitida hayvonlarni davolash va mavsumiy kasalliklarga qarshi emlash singari ishlarni amalga oshirishdi. 

Yozgi ta’til davomida ular o‘zlari istiqomat qiladigan xududlarda epizootiyaga qarshi kurash tadbirlarida qatnashib, uy hayvonlarini emlash hamda davolashni o‘rganish ishlari bilan shug‘ullanishdi. Biz bundan juda mamnunmiz. Zero, Bernard Shou aytganidek, “Bilimga eltuvchi yagona yo‘l bu – faoliyatdir”. 

Demak, bilimga chanqoq talabalarimiz ta’lim olish jarayonida har qanday vaziyatda ham faol bo‘lishga intiladi. Pandemiya sharoitida onlayn ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad ham shu! Ta’lim berish jarayonlarini uzluksiz ta’minlash. 

Mayli o‘qituvchilarimiz auditoriyalarda dars bera olmayotgan bo‘lsa ham, institut ma’ruza xonalari bo‘m-bo‘sh turgan bo‘lsa ham asosiysi talabalarga ta’lim berish faoliyati davom etmoqda. 

Biz hozirgi mavjud vaziyatdan kelib chiqib, talabalarga ta’lim berishda to‘g‘ri yo‘nalishini belgilab oldik. 

Masofaviy ta’lim tizimi – zamonaviy ta’lim tomon tashlangan shaxdam qadam bo‘ladi. Birinchi navbatda, o‘zimiz yangi usul va yangicha yondashuvga moslashib, o‘z tajribalarimizni orttirib borishimiz kerak.

Adilbay ESIMBЕTOV, 

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti

Nukus filiali direktori

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan